“Tolibon” tominidan o‘zbek tilidagi yozuvlarni universitet peshtoqlaridan olib tashlanishi va uni qaytarilishi

O‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzi, undan keng va samarali foydalanish hamda ona tilimizni jahon hamjamiyatida munosib targ‘ib etish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir .
Turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Afg‘onistonning Jouzjon va Samangon universitetlari peshtoqlaridan o‘zbek tilidagi yozuvlarni olib tashlash haqidagi xabarlarga aniqlik kiritish uchun Afg’oniston tashqi ishlar va oliy ta'lim vazirliklari rasmiylari bilan suhbat o’tkazildi.
Afg‘oniston rasmiylari ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, mamlakat hududida o‘zbek tilining ishlatilishiga nisbatan hech qanday cheklov yo‘qligini qat'iy ta'kidlab, Afg‘oniston hukumati va xalqi birodar o‘zbek xalqi hamda tiliga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanini alohida qayd etdi.
Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili ma'lum qilishicha, hozirgi vaqtda mamlakat bo‘ylab oliy ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablari peshtoqlaridagi yozuvlarni yagona standart asosida tartibga solish ishlari olib borilmoqda. Mazkur amaliyotga ko‘ra, ta'lim muassasalari peshtoqlaridagi yozuvlar butun mamlakat bo‘ylab uch tilda — pashtu, dariy va ingliz tillarida aks ettiriladi. Shu bilan birga, mamlakatning shimoliy hududlari, jumladan Samangon universiteti uchun istisno tariqasida yozuvlar pushtu, dariy va o‘zbek tillarida berilishi belgilangan.
Shuningdek, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarning yorqin ifodasi sifatida Afg‘oniston hukumati tomonidan tarixda ilk bor Jouzjon davlat universitetida joriy yildan boshlab magistratura bosqichida “O‘zbek tili va adabiyoti” fakultetini tashkil etish rejalashtirilayotgani ma'lum qilindi.
Afg‘onistondagi o‘zbek xalqi va madaniy guruhlar, o‘zbek tili so‘zining olib tashlanishini o‘z madaniy va til huquqlariga tahdid sifatida qabul qilib, ushbu qarorni qayta ko‘rib chiqishni talab qilishdi. Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida, ayniqsa o‘zbeklar yashaydigan hududlarda noroziliklar kuchayib, madaniy faollar mazkur qarorni qattiq tanqid qilishdi.
Ushbu o‘zgarishlarga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi rasmiy bayonot e'lon qilib, o‘z xavotirlarini bildirdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston hukumatidan ushbu qarorni qayta ko‘rib chiqishni va do‘stona munosabatlarni saqlagan holda, mamlakatdagi barcha xalqlar va millatlarning madaniy va til huquqlariga hurmat ko‘rsatishni so‘radi.
Hozirgi kunga kelib Jauzjon va Samangon universitetlari peshtoqlaridagi o‘zbek tili yozuvlari Afg‘oniston oliy ta’lim vazirligi tomonidan qayta tiklandi.