Transport aloqalarini rivojlantirish - Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni tiklashning asosi hisoblanadi
I. Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasida yangi iqtisodiy hamkorlik arxitekturasini shakllantirishda Termiz muloqotining o‘rni
Geosiyosiy o‘zgarishlar tezlashib, global savdo aloqalari fragmentatsiyalanib borayotgan, ko‘p tomonlama halqaro institutlarga bo‘lgan ishonch pasayib borayotgan bir sharoitda, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash zarurati hech qachon hozirgidek dolzarb bo‘lmagan. Markaziy va Janubiy Osiyo - tarixan savdo va madaniy rishtalar bilan bog‘langan mintaqalar – bugungi kunda halqaro aloqalardagi beqarorlikning ortib borishiga javoban hamkorlikni chuqurlashtirishga yana harakat qilmoqda.
Shunday sharoitda mintaqaviy muloqotni tiklash, ishonchni mustahkamlash va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan mintaqaviy platformalarning ahamiyati ortib bormoqda. Mintaqalar yaqinlashuvida strategik rol o‘ynashi kutilayotgan ana shunday muhim tashabbuslardan biri bu - Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirishga qaratilgan Termiz muloqotidir. Ushbu muloqot 2025-yil 19–21-may kunlari Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida bo‘lib o‘tadi. Yuqori darajadagi ushbu platforma ikki mintaqaning siyosatchilari, biznes vakillari, moliyaviy institutlari va tahlil markazlarini birlashtirgan holda iqtisodiy va transport aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqishni maqsad qilgan.
Bugungi kunda ikki mintaqa o‘rtasidagi iqtisodiy va transport bog‘liqligi strategik tanlov emas, balki zaruriyatga aylangan. Barqaror savdo yo‘laklarini, samarali tranzit marshrutlarini va muvofiqlashtirilgan tartibga solish mexanizmlarini shakllantirish tashqi xavflarga nisbatan barqarorlikni oshirishi, inklyuziv o‘sishni rag‘batlantirishi va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashi mumkin. Shu bilan birga, savdo, logistika, moliya va bojxona boshqaruvining raqamlashtirilishi tovarlar, xizmatlar, investitsiyalar va innovatsiyalarning transchegaraviy oqimini tezlashtirish uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Ushbu jarayonda Afg‘oniston alohida o‘rin egallaydi. Chunki u Markaziy va Janubiy Osiyoning manfaatlari tutashgan hududda muhim geografik joylashuvga ega. Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash va uni mintaqaviy infratuzilma hamda savdo tarmoqlariga integratsiyalash nafaqat uning o‘z iqtisodiyotiga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, balki qo‘shni davlatlar uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi.
II. Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi savdo: hozirgi holati, tarkibiy xususiyatlari va eksport salohiyati
Markaziy va Janubiy Osiyo dinamik tarzda o‘sib borayotgan bozorlar hisoblanadi. Markaziy Osiyo iqtisodiy va investitsiyaviy faollik markaziga aylanmoqda. Jumladan, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki ekspertlari bu yil mintaqaviy YAIM ni 6% gacha oshishini prognoz qilmoqda, bu esa boshqa mintaqalardagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ancha yuqori. Markaziy Osiyoda bugungi kunda kuchli ichki mintaqaviy dinamika kuzatilmoqda - so‘nggi bir necha yil ichida o‘zaro savdo hajmi 4,5 barobarga, o‘zaro investitsiyalar hajmi 2 barobarga, qo‘shma korxonalar soni esa 5 barobarga oshgan. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari ShHT, YeOII, TDT kabi mintaqaviy tuzilmalarga integratsiyalashgan va ko‘p yo‘nalishli tashqi siyosat yuritmoqda.
Janubiy Osiyo esa, o‘z navbatida, 2 milliarddan ortiq aholiga va 4,9 trillion dollar YAIMga ega yirik bozor hisoblanadi. Har ikki mintaqada aholining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi (o‘rtacha 27 yosh). Bu demografik dividend davlatlarning farovonligi yo‘lida samarali foydalanilishi mumkin.
Shu bilan bir paytda, aholi sonining o‘sishi mintaqalar oldida jiddiy masalalarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, aholi oziq-ovqat, jamiyatga moslashish, ta’lim olish, ish o‘rinlari, uy-joy va ijtimoiy xizmatlar, shuningdek, jamiyat va siyosiy hayotda ishtirok etish imkoniyatiga ehtiyoj sezmoqda. Bunday sharoitda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va inson salohiyatini oshirish dolzarb masalaga aylanmoqda.
So‘nggi sakkiz yil ichida Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo munosabatlari barqaror o‘sish dinamikasini namoyon etdi. Shunga qaramay, umumiy savdo hajmlari mintaqalar salohiyatiga nisbatan nisbatan past darajada qolmoqda.
Bu esa mavjud raqobat ustunliklaridan to‘liq foydalanilmayotganini va iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga doir tizimli sa’y-harakatlarni amalga oshirish zarurligini ko‘rsatadi.
Ikki mintaqa orasida o‘zaro savdoni rivojlantirishda asosiy rolni O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘ynamoqda - bu ikki mamlakat mintaqa umumiy eksporti va importining katta qismini tashkil qiladi. Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari hozircha Janubiy Osiyo bozorlarida cheklangan ishtirokga ega.
2017–2024 yillarda Markaziy Osiyo davlatlarining Janubiy Osiyodan qilgan umumiy yillik o‘rtacha importi bir qator asosiy tovar guruhlarida yuqori konsentratsiyalanganlik bilan ajralib turadi. Bunda yetakchi o‘rinni farmatsevtika mahsulotlari (TIF TN kodi 30) egallaydi, bu toifadagi import hajmi yiliga o‘rtacha 485 million AQSh dollariga yetadi.
Bu esa mintaqaning asosan Hindistondan keltiriladigan dori-darmonlar va tibbiy vositalarga bo‘lgan strategik bog‘liqligini ko‘rsatadi va farmatsevtika sohasida qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishning strategik ahamiyatini ta’kidlaydi.
1-jadval. 2017–2024 yillarda Markaziy Osiyo davlatlarining Janubiy Osiyodan
umumiy o‘rtacha yillik importi
Manba: https://www.trademap.org/
2017–2024 yillarda Hindiston va Pokistonning O‘zbekiston hamda Qozog‘istondan amalga oshirgan umumiy o‘rtacha yillik importi bir nechtagina tovarlar bilan cheklanganligini (yuqori konsentratsiyasi) ko‘rsatadi. Savdo tarkibida yetakchi o‘rinni mineral yoqilg‘ilar, neft va uning qayta ishlangan mahsulotlari (TIF TN kodi 27) egallaydi. Ushbu toifaga kiruvchi mahsulotlar yetkazib berish hajmi yiliga 1,047 milliard AQSh dollarini tashkil etadi, bu esa Janubiy Osiyoning energiyaga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishda Markaziy Osiyoning energiya resurslari strategik ahamiyatga ega ekanini tasdiqlaydi. Shunday bo‘lsada, xomashyo eksportiga yo‘naltirilganlik eksport modelining barqarorligini cheklaydi va uni tashqi narx o‘zgarishlariga nisbatan sezuvchan qiladi.
2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda Markaziy Osiyo davlatlarining Hindistonga eksporti sezilarli darajada oshdi va 2020 yilda eng yuqori ko‘rsatkich — 2013,4 million AQSh dollariga yetdi.
Biroq, 2021 yildan boshlab eksport hajmi asta-sekin kamayib bordi va 2024 yilda 602,6 million AQSh dollarigacha tushdi.
Hindistondan import hajmi ham o‘sish dinamikasini ko‘rsatdi, ayniqsa 2020 yildan keyin bu ko‘rsatkich 2020 yildagi 928,7 million AQSh dollaridan 2024 yilda 1850,1 million AQSh dollarigacha oshdi.
2-jadval. 2017–2024 yillarda Hindiston va Pokistonning O‘zbekiston hamda Qozog‘istondan umumiy o‘rtacha yillik importi
Manba: https://www.trademap.org/
Hindiston bilan savdodagi bunday nomutanosiblik eksport kanallarining barqaror emasligini va ichki bozorning tayyor mahsulotlar importiga bog‘liqligi ortib borayotganini ko‘rsatadi. 2017–2022 yillarda Markaziy Osiyo davlatlari Hindiston bilan savdoda ijobiy savdo balansini saqlab kelgan. Biroq 2023 yildan boshlab savdo balansi manfiy hisobda shakllana boshladi va 2024 yilda -1247,4 million AQSh dollari miqdorida salbiy balansga yetdi, bu esa eksportning keskin kamayishi fonida importning ortib borayotganini aks ettiradi.
3-jadval. Markaziy Osiyo davlatlarining Janubiy Osiyo davlatlari bilan savdosi
Manba: https://www.trademap.org/
Janubiy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo mamlakatlar va tovar nomenklaturasi bo‘yicha sezilarli darajada nomutanosib rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda. Hindiston Markaziy Osiyo mintaqasiga eng yirik eksport qiluvchi davlat hisoblanadi; bunda 1 million AQSh dollaridan yuqori qiymatdagi eng ko‘p tovar pozitsiyalari Qozog‘iston (34 pozitsiya) va O‘zbekiston (33 pozitsiya) tomonidan import qilinadi.
Pokiston va Bangladesh mintaqada ancha cheklangan savdo ishtirokiga ega, ayniqsa Turkmanistonda - bu yerga Pokistondan 1 million dollardan ortiq qiymatdagi birorta ham tovar kategoriyasi import qilinmaydi, Bangladeshdan esa faqat to‘rtta tovar pozitsiyasi O‘zbekistonga va beshta tovar pozitsiyasi Qozog‘istonga import qilinadi.
Shunday qilib, importning tovar tuzilmasi hali ham yetarli darajada diversifikatsiyalashmagan bo‘lib qolmoqda, bu esa tashqi iqtisodiy siyosat yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqishni talab etadi.
4-jadval. Janubiy Osiyo davlatlarining Markaziy Osiyoga eksportining diversifikatsiya darajasi
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlarining Janubiy Osiyoga eksport qilayotgan tovar pozitsiyalari soni nisbatan kam. Yetakchilar sifatida O‘zbekiston va Qozog‘iston ajralib turadi - ular Hindistonga 8 tadan tovar pozitsiyasini eksport qilmoqda, shuningdek, Pokistonga O‘zbekiston 5 ta, Qozog‘iston esa 3 ta tovar pozitsiyasini eksport qilmoqda. Mintaqaning qolgan davlatlari - Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Janubiy Osiyoga juda cheklangan miqdorda tovar pozitsiyalarini eksport qilmoqda, bu esa ularning ushbu mintaqa bilan savdo aloqalari yetarlicha diversifikatsiyalanmaganligini ko‘rsatadi.
Bunda ayniqsa Tojikiston ajralib turadi - uning Hindiston va Bangladeshga 1 million AQSh dollaridan yuqori qiymatdagi eksport qilinadigan tovar pozitsiyalari deyarli mavjud emas. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlarida ishlab chiqarish quvvatlarini va eksport salohiyatini rivojlantirish zarurligini ko‘rsatadi.
5-jadval. Markaziy Osiyo davlatlarining Janubiy Osiyoga eksportining diversifikatsiyasi darajasi
Manba: https://www.trademap.org/
Shunday qilib, ikki mintaqa orasidagi o‘zaro savdoda asimmetriyani kuzatish mumkin - Janubiy Osiyo davlatlari Markaziy Osiyoga nisbatan ancha faolroq eksport qilmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo hali Janubiy Osiyo iqtisodiyotlarida ortib borayotgan talab tufayli ochilayotgan imkoniyatlar oynasidan to‘liq foydalanmayapti.
Bu esa Markaziy Osiyo davlatlarining, ayniqsa Hindiston va Pokiston yo‘nalishida, eksport salohiyatini rivojlantirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi. Ushbu davlatlarning o‘sib borayotgan iqtisodiyotlarini va xomashyo hamda qayta ishlangan mahsulotlarga bo‘lgan potensial talabini inobatga olgan holda maqsadli eksport strategiyasini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday strategiya mintaqaviy ixtisoslashuvga va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratishga asoslangan bo‘lishi zarur, bu esa Markaziy Osiyo davlatlarining savdodagi o‘rnini mustahkamlashda asosiy omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Savdo hajmining kelgusidagi o‘sish istiqbollari bevosita transport bog‘liqligining rivojlanishiga bog‘liq bo‘lib, xususan, Afg‘oniston orqali yangi yo‘nalishlarni amalga oshirish va multimodal logistika yo‘laklarini yaratish muhim rol o‘ynaydi.
Shuningdek, savdo tartiblarini soddalashtirish va tartibga soluvchi to‘siqlarni bartaraf etish ham katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu Markaziy Osiyo davlatlariga Janubiy Osiyo iqtisodiy makoniga yanada faolroq integratsiyalashish imkonini beradi.
Bundan tashqari, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini rag‘batlantiruvchi qulay ishbilarmonlik muhiti va institutsional tizimni yaratish ham nihoyatda muhim bo‘ladi.
III. Transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish - muloqot va hamkorlikni tiklashning asosiy omili
2021-yil iyul oyida Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir ikki mintaqa o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni tiklash zaruratini anglashda burilish nuqtasiga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev konferensiyadagi nutqida yangi transport va aloqa yo‘laklarini yaratish savdo rivoji, xavfsizlikni mustahkamlash va gumanitar aloqalarni kengaytirish uchun hayotiy zarurligini alohida ta’kidladi[1].
Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar yo‘nalishidagi Transafg‘on temir yo‘li Markaziy va Janubiy Osiyoni integratsiyalashuvini mustahkamlashga qaratilgan strategik loyiha sifatida qaralmoqda.
2023-yil iyul oyida Islomobodda Transafg‘on temiryo‘l yo‘lagining yakuniy marshruti - Termiz–Naybobod–Logar–Xarlachi — kelishib olindi va ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Bu esa loyiha konseptual bosqichidan amaliy bosqichga o‘tishda muhim qadam bo‘ldi hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport bog‘liqligini mustahkamlashga qaratilgan tashabbusning amaliy bosqichga kirganini anglatadi.
Mazkur tashabbus mintaqaning iqtisodiy o‘sishi, savdo hajmining kengayishi, transport-logistika aloqalarining rivojlanishi va eksport salohiyatining oshishiga kuchli turtki bo‘lishi kerak. 2000-yillar boshida paydo bo‘lgan bu loyiha 2017-yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida hukumatlararo bitim imzolanishi bilan rasmiy qo‘llovga ega bo‘ldi.
Yangi temir yo‘l uzunligi taxminan 600 km bo‘lishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning yillik yuk tashish quvvati 20 million tonnaga baholanmoqda. Qurilish ishlarini 2027-yil oxiriga qadar yakunlash, 2030-yilgacha esa to‘liq quvvatda ishga tushirish mo‘ljallanmoqda[2].
Transafg‘on temiryo‘l qurilishi loyihasining umumiy qiymati taxminan 5 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Yo‘nalish ishga tushirilgach, Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida yuk yetkazib berish muddati hozirgi 35 kundan 3–5 kungacha qisqarishi kutilmoqda. Shuningdek, bitta standart konteynerni tashish qiymati deyarli uch baravar arzonlashadi, bu esa mazkur yo‘nalishni biznes uchun ayniqsa jozibador qiladi. Prognozlarga ko‘ra, yangi temiryo‘l orqali yuk oqimi istiqbolda yiliga 10 million tonnaga yetishi mumkin[3].
Shu bilan birgalikda, loyiha muvaffaqiyati bir qator jiddiy masalalarni hal etishni talab qiladi: yo‘nalish bo‘ylab xavfsizlikni ta’minlash, yetarli miqdorda investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatlar o‘rtasida texnik standartlarni uyg‘unlashtirish. Transafg‘on yo‘lagi istiqbollari bevosita xalqaro hamkorlikning muvofiqlashtirilganligi va loyihani samarali boshqarish darajasiga bog‘liq bo‘ladi.
IV. O‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha xulosalar va strategik yo‘nalishlar
Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi savdo oqimlari, infratuzilma tashabbuslari va tarixiy aloqalarning tahlili strategik hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos va yuqori salohiyat mavjudligini tasdiqlaydi.
Ijobiy dinamikaga qaramay, o‘zaro savdo hajm jihatidan ham, tovar nomenklaturasi bo‘yicha ham cheklangan bo‘lib qolmoqda, bunda Janubiy Osiyo davlatlari foydasiga aniq assimetriya mavjud. Transport bog‘liqligini rivojlantirish, ayniqsa Transafg‘on yo‘lagi kabi transchegaraviy yo‘nalishlarni amalga oshirish orqali ushbu nomutanosibliklarni bartaraf etish va iqtisodiy oqimlarni faollashtirish imkoniyati ochiladi.
Hozirgi bosqichda asosiy strategik yo‘nalishlar quyidagilar bo‘lishi lozim:
- Afg‘oniston orqali multimodal transport yo‘nalishlarini tezkor qurish va foydalanishga topshirish;
- Texnik, bojxona va tartibga soluvchi protseduralarni uyg‘unlashtirish;
- Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyoga eksport yetkazib berishni diversifikatsiya qilish, bunda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushini orttirish;
- Hukumatlar, xalqaro institutlar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish.
Mazkur choralar tarixiy aloqalarni barqaror iqtisodiy hamkorlikka aylantirishga xizmat qiladi hamda mintaqaviy barqarorlik va farovonlikni ta’minlaydi.
Global geoiqtisodiy siljishlar sharoitida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash nafaqat iqtisodiy, balki strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Mintaqaviy hamkorlik barqaror rivojlanish, tashqi bozorlarga bog‘liqlikni kamaytirish va o‘z logistika hamda ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishda kuchli omilga aylanishi mumkin.
Markaziy Osiyo o‘zining tranzit salohiyati va ortib borayotgan iqtisodiy potensialidan foydalangan holda Yevroosiyo o‘zaro bog‘liqligining yangi arxitekturasi ichida munosib o‘rin egallash imkoniyatiga ega.
Bundan tashqari, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik va muloqotni mustahkamlash ishonch tanqisligi, geosiyosiy qarama-qarshiliklarning kuchayib borayotgan sharoitida mintaqani barqaror rivojlanish hududiga aylantirishga xizmat qiladi.
Babajanov Muhammad,
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari