Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning huquqlarini himoya qilish va Jinoyat - ijroiya qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida
I. O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarning huquqlarini himoya qilish borasida qonunchilikka quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:
- mahkumlarga ilk marotaba saylov huquqi taqdim etildi;
- mahkumlarning ta’lim olishi va kasb-hunar egallashlari bo‘yicha huquqiy kafolat mustahkamlandi;
- mahkumlarning telefon so‘zlashuvi, yo‘qlov va uchrashuvlar olishi soni ko‘paytirildi (qariyb ikki barobarga);
- mahkumlarning pensiya ta’minotiga ega bo‘lishi ta’minlandi.
Ma’lumot uchun: 2019 yil 29 avgustdagi 558-sonli Qonuniga asosan JIKga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
II. Mahkumlarning huquqlarini ta’minlash va jazoni ijro etish sharoitlarini yaxshilash maqsadida, 2018 yil 7 noyabrda 2018 - 2021 yillarda Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish Konsepsiyasi qabul qilindi.
Qayd etilgan Konsepsiyaning yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Jinoyat-ijroiya kodeksini qabul qilish hisoblanadi.
III. Jinoyat-ijroiya qonunchiligida nazarda tutilgan yashash maydonlari me’yorlariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida 2020 – 2024 yillar mobaynida barcha mahkumlarni kubrik tipida saqlashni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tomonidan jazoni ijro etish muassasalarini interaktiv videokuzatuv (1 833 dona) moslamalari bilan jihozlash hamda xodimlarni shaxsiy videoregistratorlar (36 komplekt bodi - kamera) bilan xizmat o‘tashlarini joriy qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqilib o‘rnatilgan tartibda kiritildi.
IV. Jinoiy jazolarni liberallashtirish gumanizatsiya qilinishi borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida maxsus kontingent soni kamayishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatib, ohirgi 3 yil mobaynida 1,5 barobarga kamaydi.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda O‘zbekiston jahonda ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar soni bo‘yicha eng kam ko‘rsatkichga ega bo‘lib, xususan har 100 ming aholiga 76 nafar odam to‘g‘ri kelib, ushbu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston dunyoning 221 davlati orasida 172 o‘rinni egallaydi.
Xususan, jazoni ijro etish koloniyalarining kam miqdorda to‘ldirilishi, ularni sonini kamaytirish imkonini berib, ohirgi 3 yil mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridagi 3 ta muassasa faoliyati to‘liq tugatildi.
Toshkent viloyatida O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan xalqaro standartlarga mos keluvchi yangi zamonaviy tergov hibsxonasi qurilib, 2018 yil 15 yanvar kunidan foydalanishga topshirildi.
V. Jazoni ijro etish muassasalari faoliyatiga mahkumlar uchun masofaviy video uchrashuvlar hamda ularga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazolarni avtomatlashtirilgan hisobini yuritish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilinmoqda.
Tergov hibsxonalaridagi mavjud tergovchilar xonalariga jami 120 dan ortiq zamon talablariga javob beradigan ovoz yozishga mo‘ljallangan video kuzatuv vositalari o‘rnatildi hamda tergov hibsxonalari va yopiq turdagi jazoni ijro etish koloniyalarida advokatlar uchun 69 ta alohida xonalar ajratilib jihozlandi.
Mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish maqsadida 2 989 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
VI. Jazoni ijro etish tizimida saqlanayotgan maxsus kontingent sog‘ligiga alohida etibor berilib kelmoqda.
Jazoni ijro etish muassasalari tibbiyot xizmatlariga yetakchi sog‘liqni saqlash sohasidagi muassasalari ishtirokida zamonaviy profilaktika, diagnostika, davolanish va reabilitatsiya uslublari joriy qilinmoqda.
1. Jazoni ijro etish muassasalarida sil kasalligini oldini olishga qaratilgan ixtisoslashtirilgan 13 ta labaratoriyalar, zamonaviy rentgen-flyugrafiya qurilmalari, mahkumlarni “DOTS va DOTS+” dasturi asosida davolash tashkil etilgan.
2. IIV, Sog‘liqni saqlash va “Intilish” nodavlat-notijorat tashkiloti bilan 2018 yil 4 avgust kuni imzolangan memorandum asosida ozodlikka chiqgan va turli kasalliklari saqlanib qolgan shaxslarni hududiy tibbiyot muassasalariga davolanish uchun yuborilishi tashkil etilib bu bilan uzluksiz davolanish jarayoni ta’minlandi.
VII. Mahkumlarni mehnat bilan to‘liq band etish va ularni har tomonlama qonunga itoatkor ruhda tarbiyalash maqsadida muassasalardagi mavjud ishlab chiqarish uchastkalari modernizatsiya qilinib zamonaviy uskunalar bilan qayta jihozlanmoqda.
Hozirgi kunda jazoni ijro etish muassasalaridagi 40 ta davlat unitar korxonalarida 60 xildan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda (to‘qimachilik, tikuvchilik va qurilish mahsulotlari, metal va chinni buyumlari).
VIII. 2019 yil 1 yanvarda Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzurida Probatsiya xizmati tashkil etilib, uning asosiy vazifalari qatorida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga hukm qilingan nazoratdagi shaxslar va voyaga yetmaganlarni ish bilan bandligini ta’minlash, kasbga o‘rgatish, yana qayta jinoyatlar sodir etishlarini oldini olish etib belgilandi.
Shuningdek, Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, psixolog mutaxassislarni jalb qilish nazarda tutilgan.
IX. Mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlar va ularga bo‘layotgan munosabatlar bilan tanishish, har xil “kiynoq”larga solish holatlari yuzasidan tizimli ravishda jazoni ijro etish muassasalarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, prokuratura organlari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan Diplomatik vakolatxonalar, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, NNT va OAV tomonidan monitoringlar olib borilmoqda.
Shuningdek, 2017 - 2019 yillar mobaynida Jazoni ijro etish muassasalariga quyidagilar tashrif buyurishdi.
BMTning Din va vijdon erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus maruzachisi Axmad Shaxid va Inson xuquqlari bo‘yicha Oliy komissiya xodimlari (Qoraqolpog‘iston Respublikasi Jasliq qo‘rg‘oni);
Germaniya jamiyati xalqaro hamkorlik ekspert missiyasi vakillari (Toshkent viloyatidagi ayollar koloniyasi);
O‘rta Osiyodagi «Xyuman Rayts Votch» ofisi direktori Stiv Sverdlov (Toshkent va Navoiy viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalari);
BMTning «YuNISYeF» Xalqaro bolalar jamiyatining O‘zbekistondagi vakillari (Toshkent viloyatidagi tarbiya koloniyasi);
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi D. Garsiya-Sayan (Toshkent viloyatidagi 1-son tergov xibsxonasi).
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi