Oʻzbekiston – Xitoy hukumatlari oʻrtasida ikki tomonlama muzokaralar
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Bosh vaziri Li Kesyanning davlatimizga rasmiy tashrifi doirasida 1-noyabr kuni Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida ikki mamlakat hukumatlari delegatsiyalari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Bosh vaziri mamlakatlarimiz rahbarlari oʻrtasidagi yaqin, ochiq va doʻstona munosabatlar davlatlarimizning har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun ishonchli asos boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidladi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida iqtisodiyot, savdo, sanoat, taʼlim, madaniyat, qishloq xoʻjaligi kabi qator sohalar boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalari faol rivojlanmoqda. Xususan, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga Xitoydan jalb etilgan investitsiyalar va kreditlar hajmi 9 milliard dollardan oshgan. Ular neft, gaz, kimyo, energetika, telekommunikatsiya, shuningdek, infratuzilmalarni rivojlantirish boʻyicha qator strategik ahamiyatga ega investitsiya loyihalarini amalga oshirishga yoʻnaltirilmoqda.
Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy sherigi hisoblanadi. Joriy yilning 9 oyi yakunlari boʻyicha oʻzaro savdo aylanmasi 33 foizga oshib, 5,9 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Ikki tomonlama savdoni yanada kengaytirish va 2020-yil yakunlari boʻyicha uning hajmini 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha umumiy vazifalar belgilangan.
Ikki tomonlama muloqotda oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash masalalari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Muzokaralar doirasida Oʻzbekiston tomoni xitoylik hamkorlarni 2020-yilning 4-6-mart kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif etdi. Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning 2020-yilda mamlakatimizga amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tashrifi doirasida Oʻzbekiston – Xitoy I hududlararo forumini oʻtkazish taklifi ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy, investitsiya, bank-moliya, transport-kommunikatsiya sohalari, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish, texnik hamkorlik kabi yoʻnalishlarda qator hujjatlar imzolandi.
OʻzA