Toshkent Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hukumat rahbarlarini qabul qilmoqda
2019-yil 1-2 noyabr kunlari Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari (Bosh vazirlari) kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Tadbirning asosiy vazifalaridan biri ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘ptomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada faollashtirishga oid qo‘shma qarorlar qabul qilishga qaratilgan.
Yig‘ilishda xalqaro tashkilotga a’zo 8 davlat, 4 kuzatuvchi mamlakat (Afg‘oniston, Belarus, Eron, Mongoliya) va 10 ga yaqin xalqaro tashkilotning yuqori martabali delegatsiyalari ishtirok etadi.
2001 yil asos solingan Shanxay hamkorlik tashkiloti bugungi kunga kelib Yevrosiyo mintaqasida muhim rol o‘ynayotgan to‘laqonli tuzilmaga aylandi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan u eng muvaffaqiyatli “yosh” tashkilotlardan biri sifatida qabul qilinmoqda.
Yevrosiyoning uchdan ikki qismini egallagan ShHT ulkan salohiyatga ega. Tashkilot mamlakatlarida 2 milliarddan ziyod iqtisodiy faol aholi istiqomat qiladi. Bu yerda barcha texnologik klasterlar, barcha turdagi tabiiy boyliklar mavjud. “ShHT oilasi”ga mansub davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi dunyo ko‘rsatkichining 20 foizidan ko‘pini tashkil qiladi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti 18 yil mobaynida taraqqiyotning ulkan yo‘lini bosib o‘tdi. 2017 yil Tashkilotga Osiyoning ikki yetakchi mamlakati – Hindiston va Pokistonning a’zo bo‘lishi bilan ShHT global kun tartibiga ega eng yirik mintaqaviy tashkilotga aylandi. Bugun ShHT faoliyati siyosat, xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikdan tortib ekologik mavzugacha bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan.
O‘zbekiston ShHTning ta’sischi davlatlaridan biri sifatida muntazam tarzda Tashkilot doirasidagi ko‘pqirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, uning xalqaro obro‘-e’tiborini oshirish yo‘lida sa’y-harakatlar qilib kelmoqda.
Rasmiy Toshkent ShHT mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari bilan bir qatorda unga a’zo davlatlarning, jumladan, tashkilot hududining ulkan transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanish orqali iqtisodiy taraqqiy etishida muhim rol o‘ynashi mumkin, deb hisoblaydi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston so‘nggi yillarda Tashkilot faoliyatidagi ishtirokini sezilarli darajada faollashtirdi, uning ishini ko‘plab yo‘nalishlarda yanada mukammallashtirish bo‘yicha salmoqli tashabbuslarni taklif qildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarlarining Ostona, Sindao va Bishkek sammitlarida siyosat, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, ilm-fan, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy takliflarni oldga surildi.
Toshkent tashabbusi bilan temir yo‘l ma’muriyatlari rahbarlari uchrashuvining mexanizmi, mamlakatimiz poytaxtida ShHT xalq diplomatiyasi markazi, Samarqandda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti kabi yangi platformalar tashkil etildi, ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining yoshlarga qo‘shma murojaati va uni hayotga tadbiq etish bo‘yicha harakatlar dasturi, ShHTga a’zo davlatlar ilmiy-tadqiqot muassasalarining 2019-2020 yillardagi hamkorligi “Yo‘l xaritasi”, Mintaqalararo hamkorlik dasturi, Raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi va boshqa muhim hujjatlar qabul qilindi.
O‘zbek diplomatiyasining ShHT doirasida yaqin istiqboldagi vazifalaridan biri ShHTning samarali va o‘zaro bog‘langan iqtisodiy va transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha strategiyasi, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalarni joriy qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi, “Yashil kamar” dasturi va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish bilan bog‘liqdir.
ShHTga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi Tashkilot kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun qulay platforma vazifasini o‘taydi.
ShHT mamlakatlari Bosh vazirlarining Toshkent uchrashuvida ko‘ptomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport, bojxona va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlaridagi sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarishga turtki beradigan salmoqli hujjatlar to‘plamining qabul qilinishi kutilmoqda.
Yig‘ilish doirasida Shanxay hamkorlik tashkilotining Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari bilan memorandumlar imzolashi rejalashtirilgan. Bu esa ShHTning o‘sib borayotgan xalqaro salohiyatidan darak beradi.
Tabiiyki, ShHT mamlakatlari hukumat rahbarlari uchrashuvining ko‘ptomonlama maydonchasi ularga ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish, hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilash uchun imkoniyat yaratadi. Xalqaro ekspertlarning fikricha, ShHT hukumat rahbarlari yig‘ilishi xalqaro ko‘lamdagi muhim voqea bo‘ladi.
«Dunyo» AA